Veb manzillar. Absolyut (mutlaq) va nisbiy URL

Ma'lum bir dokumentga olib boruvchi yo'l uning manzili deyiladi. Dokument biror fayl, rasm yoki sahifa bo'lishi ham mumkin. Manzil u yoki bu sahifaga, faylga havola qilish uchun kerak bo'ladi.

Masalan <a> elementining href atributiga qiymat sifatida havola qilinayotgan sahifaning manzili beriladi. Ushbu manzilni URL (Universal Resource Locator) deb ham ataladi.

Absolyut (mutlaq) manzillar

Bunday manzillar URLning qaysi sahifada joylashganidan qat'iy nazar dokumentni to'g'ri ko'rsatadi va odatda ma'lumotlarni uzatish protokoli bilan boshlanadi. Veb-sahifalar uchun bu odatda HTTP (HyperText Transfer Protocol) bo'lib, mutlaq manzillar http:// bilan boshlanadi.

Mutlaq manzillar avvalo boshqa tarmoq resurslariga havola qilish uchun ishlatiladi va kamdan-kam hollarda bitta sayt ichida ishlatiladi.

Nisbiy manzillar

Nisbiy manzillar saytning ildizidan yoki joriy dokumentdan belgilanadi. Masalan, <img src = "img.gif"> kodi veb-sahifaning o'zi bilan bir papkada joylashgan img.gif nomli grafik faylni yuklab olishini anglatadi. Bunday manzillarning bir nechtasini ko'rib chiqamiz.

/

Ushbu manzil odatda saytning ildizida joylashgan index.html faylini ko'rsatadi. Agar index.html fayli bo'lmasa, brauzer odatda bu katalogdagi fayllar ro'yxatini ko'rsatadi. Fayl nomi har doim index.html bo'lishi shart emas, buni veb-server sozlamalari orqali o'zgartirish mumkin. (Veb server — brauzerdan kelgan so'rovlarni tahlil qilib, foydalanuvchiga kerakli sahifalarni, ma'lumotlarni yuboradigan dasturning nomi.)

Sayt ildiziga nisbatan ya'ni slesh (/) bilan boshlanadigan manzillar faqat veb-serverlarda ishlaydi. Lokal kompyuterlarda saqlangan fayllarda mutlaq manzillar ishlatiladi.

/images/img.gif

Manzildan boshidagi slesh (/ belgisi) manzilning saytning ildizidan boshlanishini bildiradi. Ushbu havola images papkasida joylashgan img.gif rasmiga olib keladi. images papkasi o'z navbatida saytning ildizida joylashtirilgan.

about/me.html

Agar manzilning boshida nuqta slesh kabi hech qanday qo'shimcha belgilar bo'lmasa, izlov joriy katalogdan boshlanadi. Ya'ni joriy katalogdan about papkasi uning ichidan esa me.html fayli topiladi va unga murojaat qilinadi.

../images/img.gif

Manzilning boshidagi ikkita nuqta brauzerni yuqori darajadagi kataloglar ro'yxatiga o'tishini ta'minlaydi. Va o'sha yerdan images papkasini qidiradi. Ikki marta yuqoriroq katalogga o'tish uchun ikkita nuqtani ikki marta yozish kerak:

../../images/img.gif

Xullas, qancha yuqoridagi katallogga o'tmoqlik uchun, shuncha marta ikkita nuqtani ishlatish kerak.

Misol

<!DOCTYPE html>
<html>
 <head>
  <meta charset="utf-8">
  <title>Havolalar</title>
 </head>
 <body>
  <a href="https://reference.uz/html/url/">Absolyut (mutlaq) manzil</a>
  <a href="/reference.uz/html/url/">Sayt ildiziga nisbatan manzil</a>
  <a href="index.html">Joriy katalogdagi fayl</a>
  <a href="../index.html">Bir pog'ona yuqori katalogdagi fayl</a>
 </body>
</html>